O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari hududlari rahbarlari forumi o'z ishini boshladi

Joriy yilning 3 avgust kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari hududlari rahbarlari forumi o'z ishini boshladi. Tadbir O'zbekistonning ushbu Tashkilotga raislik qilishi doirasida o'tkazilmoqda va shu bilan birga u bir qator ustuvor yo'nalishlarda hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish bo'yicha doimiy faoliyat yurituvchi muloqot maydonchasiga aylanishi kutilmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, Forum vazirliklar va idoralar, hududlar rahbarlari hamda Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston delegatsiyalari rahbarlari ishtirokidagi yalpi majlis bilan ochildi.

O'zbekiston delegatsiyasiga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarlik qildi. Forumdagi nutqida u ShHTga a'zo davlatlar o'rtasida ko'p qirrali strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta'kidlab, hozirgi tadbirning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo'nalishlarda hududlararo hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirishdan iborat ekanligini ta'kidladi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik nuqtai nazaridan qayd etilganidek, davom etayotgan pandemiyaga qaramay, O'zbekistonning ShHTga a'zo davlatlar bilan savdo aylanmasi 2021 yilda 24 foizga o'sib, 20 milliard dollardan oshdi. 2022 yilning birinchi yarmida bu ko'rsatkich qariyb 30 foizga ko'payib, 12 milliard dollarni tashkil etdi. Ijobiy dinamikani saqlab qolish uchun Tashkilot doirasida 2023-2025 yillarga mo'ljallangan hududlararo savdoni rivojlantirish bo'yicha qo'shma harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Joriy yilning kuzida oliy darajada imzolanishi kutilayotgan ushbu hujjat savdo to'siqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni birlashtirish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish, mahsulotlarning bozorlarga o'zaro yetkazilishini osonlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qamrab oladi, bu esa ShHT mamlakatlari o'rtasidagi hududlararo savdoni butunlay yangi bosqichga olib chiqadi.

Erishilgan natijalar va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari qayd etildi. Bu yo'nalishda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. So'nggi bir necha yil ichida ShHTga a'zo davlatlar kapitali ishtirokida O'zbekistonda tashkil etilgan korxonalar soni 4 baravar ko'payib 7,5 mingdan oshdi, 2021 yil oxirida Tashkilot mamlakatlaridan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 4,6 milliard dollarni tashkil qildi, bu esa ishbilarmonlar o'rtasida bevosita hamkorlikni o'rnatishga o'zaro qiziqishning yuqoriligini anglatadi.

Samarqandda tashkil etilayotgan "O'zbekiston – ShHT" sanoat zonasi Tashkilot doirasida yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun samarali platforma bo'lishi kutilmoqda. Sanoat zonasi imkoniyatlarini to'liq ro'yobga chiqarish uchun uning hududida ShHT Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazini yaratish taklif qilindi. Markazning asosiy vazifasi sanoat, infratuzilmaviy, xom ashyo va inson resurslarini safarbar etishdan iborat bo'ladi.

Bundan tashqari, O'zbekiston tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, ekologik, sog'lomlashtirish, ziyorat turizmi va boshqa sohalar bo'yicha munosabatlarni kengaytirishga doir aniq takliflar ilgari surildi.

ShHTga a'zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari o'z ma'ruzalarida O'zbekistonning Tashkilotga samarali raislik qilayotganligini ta'kidladilar va hududlar o'rtasidagi ushbu muloqot platformasi doirasida munosabatlarni yanada kengaytirish bo'yicha o'z fikrlarini bildirdilar.

Tadbir davomida panel sessiyalari ham tashkil qilindi. Mutaxassislar ochiq muloqotda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo'nalishlarda hududlararo hamkorlikni kengaytirish yo'llarini muhokama qildilar.

Forumning ikkinchi kunida davra suhbati tarzida biznes-forum, shuningdek, biznes tuzilmalari vakillari va rahbarlari o'rtasida bir qator uchrashuvlar va muzokaralar o'tkazilishi kutilmoqda. Ushbu format ishbilarmonlarga aloqalarni o'rnatish va hamkorlik istiqbollarini belgilab olish imkonini beradi.

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech