O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Saudiya Arabistoni bilan investitsiya hamkorligini chuqurlashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi

Joriy yilning 5 avgust kuni videokonferentsiya tarzida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih bilan kengaytirilgan tartibdagi muzokaralari bo'lib o'tdi. Unda manfaatdor vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ham ishtirok etdilar.

Muzokaralar davomida tomonlar sanoat sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikning borishini batafsil ko'rib chiqdilar, shuningdek, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali uni chuqurlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Xususan, kimyo sanoatida – polimerlar va plastmassa ishlab chiqarish bo'yicha loyiha takliflari bilan almashildi.

Energetika sohasining yirik investitsiyaviy va texnologik salohiyati hamda Saudiyaning Acwa Power kompaniyasi tomonidan O'zbekistonda orttirgan muvaffaqiyatli tajribasi tufayli investitsiyaviy munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim shart-sharoitlar shakllanganligi ta'kidlandi.

Tomonlar qishloq xo'jaligiga alohida e'tibor qaratdilar. Xususan, chorvachilik majmualari, meva, kunjut va boshqa qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash korxonalarini tashkil etish hamda tayyor mahsulotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga eksport qilishga qaratilgan loyihalarga o'zaro qiziqish bildirildi.

Sog'liqni saqlash sohasi ham alohida qiziqish uyg'otmoqda. Tibbiyot muassasalarini boshqarish sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish, talab katta bo'lgan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, O'zbekistonda shifokorlar va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, shuningdek, Saudiya Arabistonining ilg'or texnologiyalarini jalb qilgan holda mamlakatda ko'p tarmoqli tibbiy komplekslarni yaratish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.

Saudiya tomoni yaqin kelajakda barcha muhokama qilingan loyiha takliflari tegishli idora va kompaniyalar rahbarlari tomonidan o'rganilib, ishlab chiqiladi hamda barcha tashabbuslarni ilgari surish bo'yicha navbatdagi tadbirlar belgilanadi. Shu munosabat bilan tomonlar ko'rib chiqilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha "Yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar.

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech