O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Elektrotexnika sanoatining istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida «O‘zeltexsanoat» uyushmasi binosida elektrotexnika sanoatining hozirgi holati va yaqin kelajakda sohada amalga oshiriladigan asosiy vazifalarni tahlil qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xususan, so‘nggi besh yil ichida sohada kuzatilgan o‘sish tendensiyalari hamda Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 6 may kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qo‘yilgan vazifalarning bajarilishi doirasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijalari qayd etildi.

Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida mis ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida yangi "Mis klasteri" tashkil etilmoqda. Qiymati 834 million dollar bo‘lgan 7 ta yangi loyiha doirasida 128 ming tonna misni qayta ishlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Qashqadaryo viloyati «Chiroqchi» EIZda "Muqobil energiya manbalari klasteri" loyihasi amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu erda umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 7 ta loyiha joriy etilmoqda va bir vaqtning o‘zida 500 ta yangi ish o‘rni yaratilmoqda. Innovatsion ilmiy va ishlab chiqarish klasterini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Yig‘ilish doirasida Janubiy Koreyaning "SK NEXILIS" kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan ultra yupqa mis folga ishlab chiqarish majmuasi, shuningdek, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi tomonidan tashkil etilgan sinov laboratoriyasi majmuasining loyihasi taqdim etildi.

Yig‘ilish yakunida loyihalarni amalga oshirish muddatlari va sifati bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi, shuningdek, sohani yana-da rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech