O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Buxoroda birinchi Oʼzbek-Turkman hududlararo forumi boʼlib oʼtdi

Turkmaniston Prezidentining Oʼzbekiston Respublikasiga tashrifi arafasida Buxoroda birinchi Oʼzbek-Turkman hududlararo forumi boʼlib oʼtdi.

Tadbirda ikki mamlakat delegatsiyalariga Oʼzbekiston tomonidan Bosh vazir oʼrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Turkmaniston tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining oʼrinbosari Botir Аtdaev rahbarlik qildi. Delegatsiyalar tarkibiga ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy maʼmuriyatlar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari kirdi.

Delegatsiyalar rahbarlari tadbir ishtirokchilariga qutlov soʼzi bilan murojaat qilib, Oʼzbekiston bilan Turkmaniston oʼrtasidagi hamkorlik tobora chuqurlashib borayotganini va jadallashayotganini qayd etdilar. Shu bilan birga, qatnashchilar eʼtibori keng koʼlamli ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligiga qaratildi.

Tomonlar hududlararo aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy samaradorligi yuqori boʼlgan tashabbuslarni birgalikda rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, bu borada qoʼshma amaliy chora-tadbirlarni koʼrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari va biznes missiyalarining muntazam oʼzaro tashriflarini tashkil qilish yoʼlga qoʼyiladi. Bundan tashqari, vazifalari hududlar oʼrtasida hamkorlikning yangi yoʼnalishlarini kashf etish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, ularni hayotga tatbiq etish bilan bogʼliq barcha masalalarni hal qilishdan iborat boʼlgan doimiy ishchi guruhlar tashkil etilishi maʼlum qilindi.

Forum ishtirokchilari investitsiyaviy, sanoat va savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun qishloq xoʼjaligi, avtomobilsozlik, kimyo, toʼqimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika sanoati kabi eng istiqbolli yoʼnalishlarga eʼtibor qaratdilar.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan chegaraoldi savdo zonalarini foydalanishga topshirish, savdo uylarini ochish hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishga qaratilgan qoʼshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Soʼzining yakunida delegatsiyalar rahbarlari Oʼzbekiston va Turkmaniston hududlari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarni mustahkamlash, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish va hududlararo hamkorlikning yangi oʼsish nuqtalarini kashf etish boʼyicha faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdilar.

Forum davomida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, viloyatlar va tegishli idoralar rahbarlari ham soʼzga chiqdilar. Ular tomonidan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish salohiyati va istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish boʼyicha aniq takliflar taqdim etildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilarning “B2G” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʼlib oʼtdi. Forum yakunida umumiy qiymati 451 million dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech