O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston aholisining soni o‘sib borishi sharoitida va qishloq joylaridan ish o‘rinlarining katta qismi yaratilayotgan shaharlarga uning migratsiyasi ortib borish tendensiyasini hisobga olganda Respublikaning iqtisodiy rivojlanishida urbanizatsiya tobora muhim rol o‘ynamoqda. Davlat statistika qo‘mitasining maʼlumotlariga ko‘ra, 1990-2017 - yillarda aholining eng yuqori o‘sish surʼatlari o‘rta shaharlarda kuzatildi va 54%ni tashkil etdi.

Shu munosabat bilan urbanizatsiyaning kompleks rivojlanishida shaharlarning, jumladan, o‘rta shaharlarning muhim iqtisodiy markazlar (xablar) sifatida bir maromda kengayishiga katta ahamiyat berilmoqda. Biroq, boshqarib bo‘lmayotgan tezkor o‘sish natijasida infratuzilma samarasizligi hamda kommunal xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj va talabning qoniqarsizligini oshib borishi ushbu shaharlarning investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Dastlab Jahon bankining ko‘magi bilan tanlangan pilot - Chortoq, Kogon va Yangiyo‘l shaharlarining kompleks diagnostikasi o‘tkazildi. Natijada, shahar atrof-muhitining sifatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan omillar: kompleks va samarali xizmat ko‘rsatish tizimining,  qoniqarli shahar muhitining mavjud emasligi, energiya samaradorligining past darajasi, maʼnan eskirayotgan infratuzilmani almashtirish va modernizatsiya qilish zarurligi, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish va raqobatbardoshlikni oshirish uchun sharoitlarni yaratish lozimligi aniqlandi.

Ko‘rsatilgan muammoni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi  “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4409-son qarori qabul qilindi hamda Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha doirasida Respublika aholi punktlarida shahar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, Chortoq shahrida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini olib borish, shu jumladan, alohida zonalarda ko‘chalarning yoritilishini taʼminlash, piyodalar va velosiped yo‘llarini loyihalashtirish va qurish, 17-son bolalar bog‘chasining sobiq binosi va shahar maʼmuriyati binosini modernizatsiya qilish va energiya samaradorligini oshirish, maxsus uskunalar sotib olish va unga garajlar qurish ko‘zda tutilgan.

Buxoro viloyati Kogon shahrida Buxoro Amiri saroyini va shaharning markaziy qismida joylashgan madaniy merosning alohida obyektlarini qayta tiklash, “Kogon-Buxoro” sayyohlik avtobus yo‘nalishini tashkil etish, maxsus texnika vositalarini sotib olish va garajlar qurish, tanlangan loyihaviy zonalarda ko‘chalarning yoritilishini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlari yaxshilanadi, maxsus texnika uskunalari sotib olinadi va ixtisoslashtirilgan garajlar quriladi, shuningdek, tanlangan loyihaviy zonalarda qator mahallalar obodonlashtiriladi va ko‘chalarning yoritilishi yaxshilanadi.

Loyihani moliyalashtirish manbalari 100 mln AQSH dollari miqdorida Jahon banki tomonidan ajratilayotgan davlat kafolatidagi kredit mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasining soliq va bojxona imtiyozlari shaklidagi 24,12 mln dollarga teng bo‘lgan hissasi etib belgilandi.

Natijada ushbu aholi punktlarining yashash sifati va sharoitlari, jozibadorligi sezilarli darajada yaxshilanadi, shahar, kommunal va transport xizmatlari takomillashtiriladi, iqtisodiy rivojlanishga turtki beriladi, ish joylari yaratiladi.

Loyiha doirasida strategik hududiy rejalashtirish sohasida hokimiyatlar salohiyatini yuksaltirish va mahalliy hokimiyat organlarining o‘z qarorlarini mustaqil qabul qilishning darajasini yuksaltirish, kapital qo‘yilmalar samaradorligini oshirish, infratuzilmani ishga tushirish va undan foydalanish, kommunal xizmatlar ko‘rsatish va mahalliy darajada uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun daromad manbalarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech