O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Surxondaryo viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 20 sentyabr kuni Termiz shahrida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo'yicha Hukumat komissiyasi rahbariyatining tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Muloqotga taklif qilingan 100 dan ortiq ishbilarmonlarning murojaatlari Komissiya a'zolari tomonidan har tomonlama ko'rib chiqildi. Ko'tarilgan muammolar asosan investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksport qiluvchilarni tijorat banklari tomonidan moliyaviy qo'llab-quvvatlash, yer uchastkalari, bo'sh bino va inshootlarni ajratish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo'lgan har xil sertifikatlar va ruxsatnomalarni olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va boshqa dolzarb masalalar bilan bog'liq edi.

Har bir muammo tegishli vazirliklar, idoralar va viloyatning tuman va shaharlaridagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida o'rganildi va tahlil qilindi. Masalalarni amaliy hal etish mexanizmlari ishlab chiqildi va aniq muddatlarni ko'rsatgan holda tegishli rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash bo'yicha o'z takliflarini bildirdilar.

O'z navbatida, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga biznes hamjamiyati bilan doimiy, tizimli hamkorlik qilish, yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish va murojaatlarni o'z vaqtida ko'rib chiqish bo'yicha samarali choralarni ko'rish topshirildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech